KOMPOZIT MATERIALLI SUG‘ORISH LOTOKLARI: MUAMMODAN YECHIMGA
🛠 Eskirgan lotoklar suv yo‘qotishlariga sabab bo‘ladiO‘zbekistonda 4,3 million gektardan ortiq sug‘oriladigan yer maydonlari bo‘lib, ularni suv bilan ta’minlash katta va murakkab irrigatsiya tizimi orqali amalga oshiriladi. Mamlakatdagi sug‘orish tarmoqlarining umumiy uzunligi 160 ming kilometrdan ortiq, shundan temir-beton lotoklar 19,5 ming km ni tashkil etadi. Ular orqali qariyb 1 million gektar yer maydoni suv bilan ta’minlanadi.
Afsuski, lotok tarmoqlarining aksariyati 35-40 yildan ziyod xizmat ko‘rsatgan, bugungi kunda ularning 70 foizdan ortig‘i rekonstruksiya yoki to‘liq almashtirishni talab qiladi. Natijada ushbu irrigatsiya tizimining o‘rtacha foydali ish koeffitsienti 0,65 dan oshmaydi, ayrim hududlarda esa bu ko‘rsatkich bundan ham past hisoblanadi. Bu esa manbadan olinayotgan suvning 35-40 foizi sug‘orish jarayonida yo‘qotilayotganini anglatadi.
💡 Ilmiy yechim: kompozit materialli sug‘orish lotoklari
Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan zamonaviy yechim - kompozit materiallardan tayyorlanadigan sug‘orish lotoklari ishlab chiqildi.
Loyiha g‘oyasi uzoq yillar davomida gidrotexnik inshootlarning ishonchliligi, xavfsizligi va suv tejash texnologiyalari ustidan ilmiy izlanishlar olib borilganligi va ko‘p yillik amaliy tajriba va ilmiy tadqiqotlar asosida shakllangan.
🚜 Ilmiy yechim joriy etilgan hududlar
Kompozit materiallardan tayyorlangan LK-60 va LK-80 tipidagi 3 p/m lik sug‘orish lotoklari respublika bo‘yicha bir qator hududlarda amaliy sinovdan o‘tkazilib quyidagi hududlarda joriy etildi:
Qashqadaryo viloyati Nishon tumani — LK-60 turidagi kompozit lotoklar, umumiy uzunligi 500 metr;
Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani — LK-80 turidagi kompozit lotoklar, umumiy uzunligi 300 metr;
Navoiy viloyati Qiziltepa tumani — LK-80 turidagi kompozit lotoklar, umumiy uzunligi 120 metr;
Buxoro viloyati Vobkent tumani — LK-60 turidagi kompozit lotoklar, umumiy uzunligi 250 metr;
Buxoro viloyati Buxoro tumani — LK-60 turidagi kompozit lotoklar, umumiy uzunligi 198 metr;
Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani — LK-60 turidagi kompozit lotoklar, umumiy uzunligi 100 metr.
Joriy etilgan ilmiy yechim natijasida suv yo‘qotishlari kamaydi, ekspluatatsiya xarajatlari qisqardi hamda irrigatsiya infratuzilmasining ishonchliligi va uzoq muddatli xizmat qilish imkoniyati oshdi.
✅ Kompozit sug‘orish lotoklarining asosiy ustunliklari:
- Suv singdirish darajasi juda past (0,88%), filtratsiya deyarli mavjud emas;
- gidravlik qarshilik va napor yo‘qotishlari temir-beton lotoklarga nisbatan 5-10% ga kam;
- xizmat muddati o‘rtacha 55–60 yil;
- tashish va o‘rnatish xarajatlari temir-beton lotoklarga nisbatan 55-60% arzon;
- -50°S dan +195°S gacha haroratga chidamli;
- modulli tuzilma sababli tez ta’mirlash imkoniyati mavjud;
- lotok tarmoqlarini qurish, tashish va rekonstruksiya qilish ishlari uchun sarf-xarajatlar temir-beton lotoklarga nisbatan 10-20 barobargacha iqtisod qilinishiga erishiladi.
💦 Qancha suv tejaladi?
Amaliy hisob-kitoblar shuni ko‘rsatdiki, kompozit lotoklar qo‘llanilganda:
- tuproq o‘zanli kanallarga nisbatan suv yo‘qotishlari 25–40%,
- eski beton lotoklarga nisbatan esa 10-20% ga kamayadi.
🚀 Kelajakdagi rejalar
Kompozit materialli sug‘orish lotoklari Jahon Banki ishtirokidagi MUNIS/BIRD dasturi doirasida sanoat miqyosida joriy etilmoqda. Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan kompozit lotoklarni 13 ta hududda joriy etish bo‘yicha maxsus chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan va amalga oshirilmoqda.
Yaqin 5 yilda - ishlab chiqarishni kengaytirish va respublika bo‘ylab joriy etish,
10 yillik istiqbolda - Markaziy Osiyo mamlakatlari bozoriga chiqish, raqamli va sun’iy intellekt elementlari bilan integratsiyalashtirilgan irrigatsiya tizimlarini yaratish rejalashtirilgan.
🌱 Xulosa
Kompozit sug‘orish lotoklari – bu shunchaki yangi mahsulot emas. Bu suv resurslaridan oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligi barqarorligi va iqlim o‘zgarishiga moslashuv sari qo‘yilgan aniq qadamdir.
💧 Kompozit lotoklar - bu faqat texnologiya emas, balki har gektar uchun ishonchli yechim. Zero, suvni asrash va samarali foydalanish - bugungi kunning eng muhim vazifa hisoblanadi!

