Davlatimiz rahbari Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida 2026-yilda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish tadbirlariga jami 3 trillion 300 milliard so‘m yo‘naltirilishini aytib o‘tdilar.Bugun kunda dunyoda kuzatilayotgan global iqlim o‘zgarishlari, aholi sonining o‘sishi va iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanishi suv resurslariga bo‘lgan talabning yil sayin oshib borishiga olib kelmoqda. Zero, suv resurslarining taqchilligi birinchi galda aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga ta’sir ko‘rsatadi.
Shu bois, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda mavjud suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, qishloq xo‘jalik ekinlarini sug‘orishda zamonaviy tejamkor usullar va texnologiyalarni keng joriy etishni rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Qishloq xo‘jaligida mavjud suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishda zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini keng joriy qilish eng maqbul yechim sifatida qaralmoqda. O‘zbekistonni 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasida respublikamizda sug‘orma dehqonchilik qilinadigan barcha maydonlarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish ustuvor vazifa sifatida belgilab berilgan.
2020–2025-yillarni tahlil qiladigan bo‘lsak, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2,6 mln. gektar maydonda suv tejovchi sug‘orish texnologiyalari joriy qilindi. Sug‘oriladigan ekin maydonlarining 61 foizi tejamkor texnologiyalar bilan qamrab olindi.
Shundan, 604,4 ming gektarda tomchilatib, 122,1 ming gektarda yomg‘irlatib, 73,6 ming gektarda diskret sug‘orish texnologiyalari joriy qilindi, shuningdek, 123,0 ming gektar maydonlar egiluvchan quvur orqali va egatga plyonka to‘shab sug‘orildi hamda 1,6 mln. gektar maydonlar lazer uskunasi yordamida tekislandi.
Keyingi uch yilda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlar hajmini 3,5 million gektarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. Bunda 220 ming gektar maydonda tomchilatib sug‘orish, 110 ming gektar maydonda yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish hamda 600 ming gektar maydonni lazerli tekislash ko‘zda tutilgan.
Suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish hisobiga har yili 2,5 milliard kub metr suv resurslari tejaladi.
2026-yil yakuniga qadar 503 ming gektarda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etiladi.
Oldimizda mas’uliyatli vazifalar turibdi. Ularni bajarishga imkoniyatlarimiz yetarli.
Mamlakatimizda suv tejovchi texnologiyalar va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchi 60 dan ortiq mahalliy korxonalar ishlab turibdi.
2026-yildan boshlab qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, imtiyozlar kengaytiriladi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilariga ham yangi imkoniyatlar va qulayliklar yaratiladi.
Ishontirib aytamanki, Prezidentimiz tomonidan suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalarni vazirlik, uning tizimidagi tashkilotlar, quruvchi, pudratchilar, fermerlar, klasterlar birgalikda uddalaymiz.