2026-YILDA 503 MING GEKTARDA SUVNI TEJAYDIGAN TEXNOLOGIYALAR JORIY QILINADI

2026-YILDA 503 MING GEKTARDA SUVNI TEJAYDIGAN TEXNOLOGIYALAR JORIY QILINADI

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va ko‘p millatli xalqimizga murojaatnomasida yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan sohalarni rivojlantirish, katta daromad keltiradigan servislarni ko‘paytirish, bioinjeneriyadan keng foydalanish, ilg‘or agrotexnika va suv tejaydigan usullarni faol qo‘llash, “yashil” energetika, chiqindisiz ishlab chiqarishga o‘tish, ta’lim va tibbiyotda ilg‘or xorijiy tajribalarni keng joriy etish uchun yangi texnologiyalarni olib kirsak, kadrlarni ilm-fan va innovatsiyalarga asoslangan zamonaviy kasblarga tayyorlasak, kelgusi besh yilda iqtisodiyotimiz hajmini 240 milliard dollardan oshirishga barcha imkoniyatlar borligi ta’kidlandi. Suv resurslarini tejash va undan oqilona foydalanishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari zamon talablariga moslab borilayotganligi hamda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilgan fermer va dehqonlar samarasini ko‘rayotganligi natijasida jami 2,6 mln. gektar maydon suv tejovchi texnologiyalar bilan qamrab olindi, sug‘oriladigan maydonlarga nisbatan ulushi 60 foizga yetkazildi.
Jumladan, 664 ming gektarda tomchilatib, 121 ming gektarda yomg‘irlatib, 73 ming gektarda diskret va 123 ming gektarda boshqa turdagi sug‘orish texnologiyalari joriy qilindi hamda 1,6 mln. gektar yerlar lazer uskunasi yordamida tekislandi.
2025-yilning o‘zida jami 817,2 ming gektar (rejaga nisbatan 168 foiz) maydonlarda suv tejovchi texnologiyalar, jumladan, 103,2 ming gektarda tomchilatib sug‘orish, 30,7 ming gektarda yomg‘irlatib sug‘orish, 13,7 ming gektarda diskret sug‘orish texnologiyasi joriy qilindi hamda 74 ming gektar maydon egiluvchan quvurlar orqali va 49 ming gektar maydon egatga plyonka to‘shab sug‘orildi va 546 ming gektar maydonda lazerli tekislash ishlari amalga oshirildi.
Natijada aynan suv tejovchi texnologiyalar hisobidan 2025-yilda 2,3 mlrd. kub metr tejalishiga erishildi.
Tahlillarga asosan, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish suv resurslarini 45–50 foizga, yonilg‘i-moylash materiallari va mineral o‘g‘itlarni 25–35 foizga va boshqa mexanizatsiya xizmatlari xarajatlarini iqtisod qilish bilan birga hosildorlikni 15–20 foizgacha oshirmoqda.
Misol uchun, Koson tumanidagi “Koson” va “Asl Najim”, Zafarobod tumanidagi “Forish yullari” fermer xo‘jaliklari tomonidan paxtani tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish hisobiga gektariga o‘rtacha 80–85 sentner hosil olgan (avval ushbu maydonlardan 25–30 sentner hosil olingan).
Mirzaobod tumanidagi “Sirdaryo Jingo” MCHJ 1 000 gektar paxta maydonlarida 2025-yilda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish hisobiga 3,25 mln. metr kub suvni tejash bilan birga yonilg‘i-moylash materiallari va mineral o‘g‘itlarni 25–35 foizga tejashga erishilib, gektariga o‘rtacha 55–60 sentner hosil olgan.
2026-yilda 503 ming ga sug‘oriladigan maydonlarda, shundan 75,4 ming ga tomchilatib, 34,6 ming ga yomg‘irlatib va 28,9 ming ga maydonda diskret, shuningdek, 164,1 ming ga maydonda boshqa sug‘orish texnologiyalari joriy qilinadi. Bundan tashqari, 200 ming ga maydonda lazerli tekislash ishlari amalga oshiriladi.

26-01-2026, 10:59
Sahifaga qaytish